Talablar

  1. Muallif tomonidan taqdim etilayotgan ilmiy maqola mavzusi “Iqtisodiy taraqqiyot va tahlil” ilmiy elektron jurnalining yo‘nalishiga mos kelishi lozim.
  2. Maqolalar asosan empirik tadqiqot, keys-stadi, adabiyotlar tahlili va sharh, meta-analiz, nazariya, amaliyot, uslubiyot, professional ilmiy taqriz va boshqa tavsifga ega bo‘lishi ko‘zda tutiladi.
  3. Maqola xalqaro andozalar talabi doirasidagi quyidagi aniq bandlarga ega bo‘lishi tavsiya etiladi:

Maqola mavzusi. Maqola mavzusi imkon qadar qisqa va lo‘nda ko‘rinishda shakllantirilgan bo‘lib, maqolaning tadqiqot yo‘nalishini aniq ifoda etishi lozim.

Maqola muallifi to‘g‘risida ma’lumot. Ushbu qismda muallifning ismi-sharifi (otasining ismi bilan), tegishliligi (ya’ni, ish joyi yoki tahsil olish joyi, bunda faqatgina tashkilot nomi yoziladi) elektron pochta manzili va muloqot telefonlari kiritiladi.

Maqola annotatsiyasi. Maqola annotatsiyasi ko‘pi bilan 100 so‘zdan iborat bo‘lgan, maqolaning umumiy mazmunini qisqacha tarzda yoritib beruvchi qism hisoblanadi. Maqola annotatsiyasida tadqiqot muammosi, uning dolzarbligi, tadqiqot muammosini ochib berish uchun qo‘llanilgan metodologiya, tadqiqot natijalari, maqolaning to‘la mazmunidan kelib chiqqan holda muallifning ilmiy va amaliy hissasining qisqacha bayoni yoritiladi.

Kalit so‘zlar. Tayanch so‘zlar maqola mazmuni va maqsadini eng qisqa mazmunda ochib beruvchi kalit so‘zlar hisoblanadi. scholar.google.com yoki google.com qidiruv tizimida maqola oson va eng birinchi sahifalarda topilishi uchun tayanch so‘zlarning har biri asosiy matn tarkibida o‘rtacha 5-10 marta takrorlanishi tavsiya etiladi.

Kirish. Kirish qismida asosan tadqiqot muammosi, uning maqsad va vazifalari yoritiladi. Mazkur qism tadqiqot mavzusining tanlanish asosi, uning dolzarbligi va ilmiy ahamiyatini tushuntirib beradi. Bundan tashqari, kirish qismida tadqiqot obyektining qisqacha tavsifi keltiriladi. Keyingi tarkibiy qismlar mazmuni ham aynan kirish qismida qisqacha izohlanadi.

Adabiyotlar sharhi (uslubiy materiallar sharhi). Mavzuga oid adabiyotlar sharhi tadqiq etilayotgan muammo yuzasidan muallifning bilim va tasavvurlarga ega ekanini namoyon etuvchi qism hisoblanadi. Adabiyotlar sharhi mavjud intellektual hudud doirasini baholash va shu asosda ma’lum xarita yaratishni anglatadi. Adabiyotlarning sharhida tanqidiy tahlil amalga oshirilib, uning maqsadi mazkur mavzu doirasidagi bilimlarni kuchaytirish va tadqiqot savollarini yanada oydinlashtirish hisoblanadi. O‘z mazmuniga ko‘ra har qanday tadqiqot ayni shu sohada yaratilgan avvalgi bilimlar negiziga quriladi. Adabiyotlar bo‘yicha tahlil asosan sohadagi eng yangi jurnal maqolalari va boshqa turdagi ma’lumot manbalari asosida amalga oshadi (mavzuga oid maqolalarni kalit so‘zlar yordamida scholar.google.com qidiruv tizimidan topish mumkin).

Tadqiqot metodologiyasi. Tadqiqot metodologiyasi tadqiqotning eng muhim qismlaridan biri bo‘lib u o‘tkazilayotgan tadqiqotning umumiy xaritasi, tadqiqot yo‘li va manzilga (natijaga) olib boruvchi xaritaviy chizgilari hisoblanadi. Tadqiqot metodologiyasi tadqiqot falsafasi va yo‘nalishini belgilash, tadqiqot dizayni, ya’ni tadqiqot muammosining yechimiga olib boruvchi bosh rejasini tuzish, tadqiqot uchun zarur axborotni olish yo‘llari va tadqiqot etikasini belgilash, tadqiqot obyetining tanlovi (sampling), birlamchi yoki ikkilamchi ma’lumot manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarorlar, tadqiqot strategiyasini (kuzatish, eksperiment, keys-stadi, savolnoma, etnografik, arxiv tadqiqot va h.k.) aniqlash bo‘yicha ratsional qaror qabul qilish asosida qo‘yilgan muammoning aniq yechimiga olib chiquvchi yo‘lni belgilashni anglatadi. Metodologiya qismining mukammalligi tadqiqot uchun belgilangan yo‘lning ishonchliligi (reliability) va aniqliligini (validity) asoslash orqali namoyon bo‘ladi.

Tahlil va natijalar muhokamasi (maqola mazmunidan kelib chiqib adabiyotlar sharhiga qo‘shilishi ham mumkin). Tadqiqotning tahlil qismi tadqiqot metodologiyasida avvaldan belgilab olingan tahlil usullari (matematik modellar va boshqalar) orqali yig‘ilgan ma’lumotlarning tahlilini amalga oshiradi. Bunda faqatgina tahlil usulining natijalari ifoda etiladi; topilgan natijalar bo‘yicha muhokama maqolaning keyingi qismining vazifasi hisoblanadi.

Tahlil qismi natijalari mavzuga oid adabiyotlar tahlili natijalari va xulosalariga taqqoslash hamda shaxsiy fikrlar orqali muhokamasini nazarda tutadi. Ushbu qism tadqiqot natijalarini izohlash vazifasini bajaradi.

Xulosa va takliflar. Tadqiqotning maqsad, vazifalarining anglashilganligi hamda tadqiqot savollarining o‘z javobini topganligi, tadqiqotning asosiy natijalariga va tadqiqotning umumiy jarayoniga umumiy xulosalar, shu bilan birga, takliflar va ayni tadqiqotdan kelib chiqqan holda kelajak tadqiqot ishi yo‘nalishlari maqola xulosa va takliflari qismining asosini tashkil etadi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati. Bu qism tadqiqotda foydalanilgan barcha adabiyotlarning ro‘yxatini e’lon qiladi. Maqolada foydalanilgan barcha havolalar bu qismda alifbo ketma-ketligida Garvard shakli talablarida qayd qilinadi:

mualliflar ismi-sharifi, (yili), kitob nomi, nashr manzili (Rossiya, O‘zbekiston va h.k.), nashriyot nomi;

mualliflar ismi-sharifi, (yili), maqola nomi, jurnal nomi, nashri, soni, betlari.

  1. Maqola matni shrifti “Times New Roman”da, 14 kegelda bo‘lib, qatorlar oraliqlari masofasi 1 intervalda bo‘lishi tavsiya etiladi. Maqola matni sahifasining barcha (o‘ng, chap, yuqori va quyi) tomonidan 2 santimetrdan iborat masofa qoldiriladi. Maqolaning maksimal hajmi cheklanmagani holda, eng minimal hajmi 6 betdan kam bo‘lmasligi tavsiya etiladi.
  2. Maqolada jadval nomlari uning yuqori qismida, rasmlar nomlari ularning quyi qismida beriladi.
  3. Maqola ichida beriluvchi havolalar Garvard shakli (Harvard style) talablari asosida quyidagicha beriladi:

Yagona muallifli maqola uchun (Familiya, yili) – masalan (Ahmedov, 2020);

Ikki muallifli maqola uchun (Familiya va Familiya, yil) – masalan (Ahmedov va Sobirov, 2020);

Ikkitadan ortiq muallifli maqola uchun (Familiya va boshq., yil) – masalan (Ahmedov va boshq., 2020);

Bir nechta alohida maqolalar uchun (Familiya, yil; Familiya, yil… (alifbo tartibida)) – masalan (Ahmedov, 2020; Sobirov, 2020; …)

  1. Maqolalar o‘zbek, rus, yoki ingliz tillarida taqdim etilishi mumkin.
  2. Belgilangan talablarga javob bermaydigan maqolalar taqrizchilarga taqdim etilmaydi va tahririyatning talablarga javob bermaslik haqidagi xulosasi bilan muallifga qayta ishlash uchun qaytarib yuboriladi.
  3. Maqola nashr etish bilan bog‘liq barcha jarayonlar har bir maqola uchun to‘lov evaziga amalga oshiriladi.